Rossiyalik TrickBot zararli dasturini ishlab chiqaruvchisi 5 yilu 4 oyga qamoq jazosiga hukm qilindi

AQSh sudi Rossiyalik Vladimir Dunaevni butun dunyo bo’ylab hukumat tashkilotlari, kompaniyalari va jismoniy shaxslarga hujum qilish uchun foydalanilgan Trickbot zararli dasturini yaratish va joriy etish ishida ayblanib, besh yilu to’rt oyga ozodlikdan mahrum qildi. AQSh Adliya vazirligi uning harakatlaridan ko’rilgan zararni 3,4 million dollarga baholagan.

Tergov ma’lumotlariga ko’ra, Dunaev Trickbot Group kiberjinoyatchilik guruhi a’zosi bo’lgan va “TrickBot sxemasini amalga oshirish uchun maxsus xizmatlar va texnik imkoniyatlarni taqdim etgan”. Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko’ra, Dunaev brauzer modifikatsiyalari va hakerlar zararlangan qurilmalardan jabrlanuvchilar ma’lumotlarini to’playdigan zararli vositalarni ishlab chiqish uchun javobgar edi. Bu yerda gap login ma’lumotlari, kredit karta raqamlari, parollar, ijtimoiy xavfsizlik raqamlari (SSN, AQSh), manzillar va boshqalar haqida ketyapti.

“Dunaevning sxemada ishtirok etishi davomida Ohaio shtatining shimoliy okrugidagi oʻn nafar jabrdiydadan, jumladan Avon maktabi va Shimoliy Kanton koʻchmas mulk kompaniyasidan TrickBot tomonidan tovlamachilik dasturi yordamida 3,4 million dollardan ortiq mablagʻ oʻgʻirlangan”, — deyiladi vazirlik bayonotida.

Dunaev 2020-yilda Janubiy Koreyaga qilgan safaridan so‘ng hibsga olingan edi. Kovid cheklovlari tufayli u bir yildan ortiq vaqt davomida mamlakatni tark eta olmadi. Natijada uning pasporti muddati o’tgan va u elchixona orqali yangi hujjat rasmiylashtirgan, lekin undan foydalanishga ulgurmagan: 2021-yil 25-may kuni Koreya Adliya vazirligiga AQSh Adliya vazirligidan favqulodda hibsga olish so‘rovi kelib tushgan.

Dunaev 2021-yil oktyabr oyi oxirida olib ketildi. Hibsga olinganidan so‘ng u firibgarlik va shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash, shuningdek, elektron qurilmalardan foydalangan holda firibgarlik qilish bilan bog‘liq ayblovlarni tan oldi. Dunaev maksimal 5 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Manba: havola